中Xitoy va Oʻzbekiston ·
Oʻzbekiston diplomatlari Szyansu provinsiyasida yangi loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishdi
Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi vakillari Xitoyning Szyansu provinsiyasidagi shaharlarda uchrashuvlar oʻtkazib, taʼlim hamda iqtisodiyot sohalarida bir qator kelishuvlarga erishdi.
Muzokaralar davomida Chanchjou va Yanchjou shaharlari hokimliklari hamda mahalliy kompaniyalar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xitoy tomoni Oʻzbekistonning energetika, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, elektronika va kimyo sanoatiga qiziqish bildirdi. Xususan, «Nanjing Changkai Power Automation Equipment» energetika loyihalarida qatnashishga, «Famsun Co., Ltd.» esa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda chorvachilik uskunalarini yetkazib berishga tayyorligini maʼlum qildi. Noyabr va dekabr oylarida xitoylik tadbirkorlar hamda rasmiylarning Oʻzbekistonga tashriflari rejalashtirildi.
Taʼlim sohasida Chanchjou va Nankin kasb-hunar institutlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Kelishuvlarga koʻra, xitoylik mutaxassislar oʻzbekistonlik oʻqituvchilarning malakasini oshirish, talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda Toshkent, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridagi texnikumlarda kasbiy taʼlim kurslarini tashkil etishda koʻmaklashadi.
Tashrif davomida diplomatlar Nankin va Yanchjou shaharlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdi. Muloqot chogʻida ularning yashash sharoitlari, viza hamda migratsiya talablariga rioya etish va konsullik roʻyxatidan oʻz vaqtida oʻtish masalalari muhokama qilindi.
Manba: Dunyo · 28-oktabr