中Xitoy va Oʻzbekiston ·
Shanxayda Markaziy Osiyo va Xitoy hamkorligi muhokama qilindi
Shanxayda oʻtkazilgan xalqaro forumda Oʻzbekiston vakili Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy oʻrtasida sanoat hamkorligi hamda logistikani rivojlantirish masalalarini ilgari surdi.
12–13-noyabr kunlari Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti hamda Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi hamkorligida xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Unda ISMI direktori oʻrinbosari Bahtiyor Mustafayev maʼruza qildi.
Ekspert oʻz chiqishida Markaziy Osiyo nafaqat tranzit hududi, balki Yevroosiyodagi ishlab chiqarish va logistika zanjirlarining mustaqil ishtirokchisiga aylanayotganini taʼkidladi. Mintaqa davlatlari va Xitoy oʻrtasida faqat oʻzaro savdoni oshirish bilan cheklanmasdan, birgalikda sarmoya kiritish va texnologiya almashishga oʻtish zarurligi aytildi.
Ustuvor yoʻnalishlar sifatida Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi, bojxona tartiblarini raqamlashtirish hamda qayta tiklanadigan energetika va elektrotexnika sohalarida qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, batareyalar va elektron qurilmalarni qayta ishlash hamda kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik taklif qilindi.
Manba: UzDaily · 16-noyabr