体Sport ·
Zafar Rashidov MMA turnirida xitoylik raqibini nokautga uchratdi
Iordaniyaning Amman shahrida oʻtgan «DF Uncaged» MMA turnirida oʻzbekistonlik Zafar Rashidov xitoylik Davei Jouni birinchi raunddayoq texnik nokaut evaziga magʻlub etdi.
Iordaniya poytaxti Amman shahrida aralash jang sanʼati (MMA) boʻyicha «DF Uncaged» xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. Ushbu musobaqada 61,2 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan oʻzbekistonlik jangchi Zafar Rashidov xitoylik Davei Jouga qarshi oktagonga chiqdi.
Uchrashuvning birinchi daqiqalaridanoq Zafar Rashidov faol hujumlar va kuchli zarbalar ketma-ketligi orqali raqibini himoyalanishga majbur qildi. Birinchi raundning oʻrtalariga kelib xitoylik sportchi zarbalarga dosh bera olmadi va hakam bellashuvni texnik nokaut bilan toʻxtatdi.
Ushbu gʻalabadan soʻng Zafar Rashidovning professional MMA sportidagi magʻlubiyatsiz seriyasi beshta gʻalabaga yetdi. Jangdan soʻng u oʻz murabbiylari hamda jamoasiga minnatdorchilik bildirib, kelajakda yanada yuqori natijalarga erishish uchun mehnat qilishda davom etishini aytdi.
Manba: Zamin.uz · 31-oktabr