体Sport ·
Oʻzbekiston dzyudochilari SHHT kubogida 7 ta medal yutdi
Shanxay hamkorlik tashkilotining ochiq kubogida Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi muvaffaqiyatli qatnashib, 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti kubogi musobaqalarida Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Mazkur turnirda Oʻzbekistondan jami sakkiz nafar dzyudochi qatnashgan edi. Ularning yetti nafari musobaqani sovrindorlar safida yakunlashga erishdi.
Bellashuvlar davomida Nizomiddinxoʻja Toshpoʻlatov 73 kg gacha boʻlgan vazn toifasida va Muhammadali Tangriyev 100 kg dan ortiq vazn toifasida barcha raqiblarini yengib, musobaqaning oltin medallarini qoʻlga kiritdi.
Turnirda toʻrt nafar sportchimiz kumush medal sohibi boʻldi. Xususan, Muhayyo Axmatova 57 kg gacha, Sarvinoz Husanova 63 kg gacha, Alisher Samanov 90 kg gacha hamda Muhammadali Zoirov 100 kg gacha boʻlgan vazn toifalarida ikkinchi oʻrinni egalladi.
Bundan tashqari, 48 kg gacha boʻlgan vazn toifasida bellashgan Sevinch Murodova bronza medaliga sazovor boʻldi. Shu tariqa, dzyudochilarimiz SHHT ochiq kubogini ikkita oltin, toʻrtta kumush va bitta bronza, yaʼni jami yettita medal bilan yakunladi.
Manba: UzA · 16-noyabr