工Iqtisod va ish ·
Xitoyning Lihua kompaniyasi Buxoroda choʻlni oʻzlashtirmoqchi
Xitoyning Lihua Group kompaniyasi Buxoro viloyatidagi 100 ming gektar choʻl yerlarini oʻzlashtirish loyihasida ishtirok etish taklifi bilan chiqdi.
Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevning maʼlum qilishicha, Xitoyning Lihua kompaniyasi Buxoro viloyatidagi yangi yerlarni oʻzlashtirish boʻyicha murojaat qilgan. Xitoy investori loyihaga oʻz mablagʻlarini kiritish va zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini qoʻllashga tayyorligini bildirgan. Yerlarni oʻzlashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirilib, kamida uch yil vaqt oladi.
Yangi yerlarni sugʻorishda kollektor va yerosti suvlaridan hamda mavjud kanallardan foydalaniladi. Ushbu hududlarda yuz foiz tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etiladi. Vazirning taʼkidlashicha, hududlarga qoʻshimcha suv hajmi ajratilmaydi, yerlar suvni tejash hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish hisobiga oʻzlashtiriladi.
Xinjiang Lihua Group kompaniyasi Buxoroda allaqachon loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya Shofirkon tumanida 20 ming gektar va Romitan tumanida 9 ming gektar choʻl yerlarini oʻzlashtirish boʻyicha kelishib olgan. Shuningdek, u Buxoro viloyatida Shinjon texnologiyasi asosida paxta yetishtirmoqda.
Manba: Gazeta.uz · 23-noyabr