科Texnologiya ·
Oʻzeltexsanoat va SIASUN sanoat robotlarini muhokama qildi
«Oʻzeltexsanoat» uyushmasi Xitoyning SIASUN Robot & Automation kompaniyasi bilan elektrotexnika korxonalarini avtomatlashtirish hamda sanoat robotlarini joriy etish masalalarini koʻrib chiqdi.
«Oʻzeltexsanoat» uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov hamda Xitoyning SIASUN Robot & Automation kompaniyasi vitse-prezidenti Lyu Sziyun boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida Oʻzbekiston elektrotexnika korxonalarida sanoat robotlaridan foydalanish va zamonaviy avtomatlashtirilgan yechimlarni joriy etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Muzokara qatnashchilari ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda korxonalarning texnologik samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, tomonlar texnologiyalar transferi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va robototexnika sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida har ikki tomon hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
2000-yilda tashkil etilgan SIASUN kompaniyasi robototexnika hamda sanoatni avtomatlashtirish sohasida ish olib boradi. Korxona mahsulotlari dunyoning 40 dan ortiq mamlakatiga yetkazib beriladi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, uning yechimlaridan 4 mingdan ziyod korxona foydalanmoqda va shu kungacha 18 mingdan ortiq loyiha amalga oshirilgan.
Manba: UzDaily · 15-noyabr