科Texnologiya ·
Oʻzbekiston startaplari Gonkongda oʻz loyihalarini taqdim etdi
Oʻzbekistonning beshta startapi Gonkongda oʻtgan xalqaro moliyaviy texnologiyalar haftaligi hamda venchur forumi doirasida xorijiy investorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
IT Park Uzbekistan delegatsiyasi 2–6-noyabr kunlari «Global Landing Program 2026» dasturi doirasida Gonkong shahrida boʻldi. Safarda «Tass Vision», «OX System», «Unitlab AI», «Aziza AI» va «Qwatt» kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Ular xalqaro investorlar va venchur fondlari bilan muzokaralar olib borib, tashqi bozorlarga chiqish hamda mablagʻ jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Tadbir doirasida «OX System» va «Tass Vision» jamoalari oʻz ishlanmalarini taqdimot sessiyasida namoyish qilib, salohiyatli hamkorlar bilan bevosita muloqot oʻrnatdi. Shuningdek, IT Park vakili erta bosqichdagi startaplarni moliyalashtirish va Markaziy Osiyo hamda ASEAN davlatlarida biznesni kengaytirish mavzusidagi muhokamada qatnashdi.
Oʻzbekiston vakillari safar davomida «Cyberport», «InvestHK», «Hang Seng Bank» kabi tashkilotlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt va maʼlumotlar tahlili yoʻnalishida «VOTEE AI» hamda «FCC Analytics» bilan hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi, Singapur, Malayziya va Tayvan kabi bozorlarning startaplari bilan aloqalar oʻrnatildi.
Manba: UzDaily · 11-noyabr