旅Viza va sayohat ·
Toshkent viloyati Xitoy bilan turizmni muhokama qildi
Toshkent viloyati hokimligi 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida Xitoy investorlari bilan Chorvoq zonasida yirik turizm obyekti barpo etishni muhokama qildi.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida xorijiy investorlar, jumladan Xitoy, Meksika va Pokiston vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Tomonlar hududning sayyohlik va sarmoyaviy salohiyatini hamda istiqbolli loyihalarni koʻrib chiqdilar.
Xitoylik investorlar bilan uchrashuvda viloyat hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor Chorvoq zonasida yirik turizm obyektini yaratish istiqbollariga qaratildi. Xitoy vakillari hududning sayyohlik jozibadorligiga qiziqish bildirib, loyihaning dastlabki konsepsiyasi yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Shuningdek, muzokaralarda istiqbolli yoʻnalish sifatida tibbiyot turizmini rivojlantirish va unga investitsiya kiritish masalalari ham koʻtarildi. Toshkent viloyati hokimligi xorijiy investorlar tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashga va loyihalarni hayotga tatbiq etishda amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Manba: UzDaily · 27-noyabr