贸Savdo va kargo ·
Xitoydan Afgʻonistonga Oʻzbekiston orqali yangi yuk poezdi yoʻlga chiqdi
Xitoyning Shandun provinsiyasidan Afgʻonistonga Qozogʻiston va Oʻzbekiston hududi orqali harakatlanadigan yangi temiryoʻl yoʻnalishi boʻyicha birinchi yuk poezdi joʻnatildi.
Birinchi maxsus poezd Linyi shahridan yoʻlga chiqdi. Qiymati taxminan 8 million yuan (1,1 million dollar) boʻlgan yuk tarkibidan toʻqimachilik mahsulotlari, kimyoviy xomashyo, asbob-uskunalar va qurilish texnikasi oʻrin olgan. Poezd Qozogʻiston hamda Oʻzbekiston orqali oʻtib, Termiz yaqinida Afgʻoniston chegarasini kesib oʻtadi va taxminan 20 kunda Balx provinsiyasidagi Xayraton quruqlik portiga yetib boradi.
Ilgari ushbu hududdan tovarlar Afgʻonistonga asosan avtomobil transporti yoki aralash yoʻllar bilan yetkazilar edi. Xitoy OAVlarining maʼlum qilishicha, bunday tashuvlar qimmatroq tushgan va yetkazib berish muddatlarini aniq prognoz qilish qiyin boʻlgan. Yangi yoʻnalish ikki mamlakat oʻrtasidagi quruqlikdagi savdo imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, bundan oldin Xitoyning Szyansu provinsiyasidagi Xaymen shahridan ham Xayratonga yuk poezdi kelgan edi. Qozogʻiston va Oʻzbekiston orqali oʻtgan ushbu yoʻnalish boʻyicha oyiga ikki marta ikki tomonlama qatnovlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Manba: Фергана - международное агентство новостей (fergana.agency) · 23-oktabr