文Madaniyat va bayramlar ·
Oʻzbek olimi Tyan-Shan forumida oʻzbek folklori boʻyicha maʼruza qildi
Oʻzbekistonlik olim Jabbor Eshonqulov Tyan-Shan forumida qatnashib, Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlarining ogʻzaki ijodi hamda epik merosi boʻyicha maʼruza qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, professor Jabbor Eshonqulov xalqaro Tyan-Shan forumida qatnashdi. Olim ushbu anjumanning yalpi majlisida ilmiy maʼruza bilan chiqish qildi.
Forum davomida Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlarining boy epik merosi, xalq ogʻzaki ijodi namunalari hamda adabiy anʼanalarini qiyosiy oʻrganish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xalqlar oʻrtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar, mushtarak qadriyatlar va oʻzaro yaqin badiiy xususiyatlarni tadqiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Professor Jabbor Eshonqulov oʻzbek folklorshunosligi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan olimlardan biridir. Ularning ushbu xalqaro anjumandagi ishtiroki milliy ogʻzaki ijod namunalarini jahon ilmiy jamoatchiligiga tanitish hamda xorijlik tadqiqotchilar bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Manba: UzA · 26-oktabr