学Oʻqish va grantlar ·
Nankin universiteti talabalarni kuzatishni toʻxtatdi
Xitoydagi Nankin universiteti talabalarning darsdagi diqqatini sunʼiy intellekt yordamida kuzatuvchi tizimdan foydalanishni toʻxtatdi. Jamoatchilik eʼtirozlaridan soʻng ushbu qaror qabul qilindi.
Xitoyning Szangsu provinsiyasida joylashgan Nankin universiteti darsxonalarda talabalarni sunʼiy intellekt orqali kuzatuvchi tizim ishlatishni toʻxtatdi. Oliygoh yoz oylarida darsxonalarni yangilab, bir hafta davomida toʻliq davomatni qayd etish uchun «aqlli auditoriya» tizimidan foydalanish haqida talabalarga maʼlum qilgan edi.
Biroq internetda mazkur tizim ishlayotgani aks etgan kadrlar va maʼlumotlar tarqalib ketdi. Unda jonli efirdagi dars jarayoni bilan birga talabalarning kechikishi, umumiy davomat va ularning darsdagi diqqat-eʼtiborini oʻlchaydigan koʻrsatkichlar koʻringan. Tizim talabalarning boshi qanchalik tik turganini tahlil qilib, ularning diqqatini baholab borgan.
Ushbu tasvirlar tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda talabalarning shaxsiy daxlsizligi va sunʼiy intellekt orqali doimiy kuzatuv olib borishning axloqiy tomonlari boʻyicha keskin eʼtirozlar bildirildi. Kuchli jamoatchilik bosimidan soʻng universitet talabalar diqqatini kuzatish funksiyasini bekor qilishga majbur boʻldi.
Manba: SCMP · 7-noyabr